Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan davlat migratsiya siyosatining yangi konsepsiyasini tasdiqladi. Hujjat rasmiy huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilindi va u 2018-yildan beri amal qilib kelayotgan siyosatning o‘rnini egallaydi.
Yangi konsepsiyada migratsiya siyosatining asosiy maqsadi, vazifalari va yo‘nalishlari belgilangan. Unda chet el fuqarolarining kirish-chiqishi, yashash sharoitlari, vaqtinchalik boshpana berish, fuqarolik olish hamda migratsiya hisobi kabi masalalar qamrab olingan.
Hujjatga ko‘ra, 2030-yilgacha Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan muhojirlar sonining o‘sishi davom etadi. Bu mamlakatdagi chet ellik ishchilarga bo‘lgan ehtiyoj bilan izohlanmoqda.
Konsepsiya 9 ta bo‘lim va 46 ta banddan iborat bo‘lib, unda migrantlarning Rossiya qadriyatlarini o‘zlashtirishi va jamiyatga moslashishiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, quyidagi yo‘nalishlar ustuvor deb belgilangan:
- Rossiyaga an’anaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlaydigan chet elliklar sonini oshirish;
- Rossiyada maktabga qatnamaydigan migrant bolalar sonini kamaytirish;
- Ishlamaydigan va o‘qimaydigan migrant oila a’zolarining mamlakatda yashashini cheklash;
- Etnik anklavlarning shakllanishi va migrantlarning jamiyatdan chetlashishining oldini olish;
- Migratsiya nazoratini kuchaytirish maqsadida axborot texnologiyalari va biometriyani keng joriy etish.
Yangi siyosat doirasida 2030-yilgacha noqonuniy yashayotgan chet elliklar sonini kamaytirish, ularning ishtirokidagi jinoyatchilik darajasini pasaytirish va Rossiya oliy o‘quv yurtlarida chet ellik talabalar ulushini oshirish ham rejalashtirilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!