2025-yil 16–17-oktabr kunlari Samarqand shahrida MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining 57-majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tashkil etildi.

Majlis avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga yo‘llagan tabrik so‘zi o‘qib eshittirildi. Unda terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilik kabi tahdidlarga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlikning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Davlat rahbari, shuningdek, Afg‘onistondagi beqaror vaziyat, transchegaraviy jinoyatchilik, kiberxavfsizlik va sun’iy intellektdan g‘arazli foydalanish masalalariga e’tibor qaratdi.

Prezident global xavfsizlik muammolari, jumladan, Yaqin Sharqdagi nizolar, energiya manbalari narxining oshishi va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdidlar haqida ham so‘z yuritdi.
Ushbu sharoitda MDH davlatlari maxsus xizmatlari o‘rtasida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, iqtisodiy, energetika va kommunikatsiya tizimlarini barqaror rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!