Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida 38 yoshli erkak o‘z qarindoshi bo‘lgan 7 yoshli qizchani zo‘rladi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1987-yilda tug‘ilgan B.S. 14-oktyabr kuni tog‘asining to‘y marosimiga borgan va u yerda 2018- yilda tug‘ilgan nevarasi I.K.ni aldov yo‘li bilan chetga olib chiqib, nomusiga tekkan. Jinoyatdan so‘ng u voqea joyidan yashiringan.
Qizaloq og‘ir ahvolda shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ayblanuvchi esa ikki kunlik qidiruvdan so‘ng qo‘lga olinib, sud qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tergov davomida ma’lum bo‘lishicha, B.S. ilgari ham bir necha bor jinsiy jinoyatlar uchun sudlangan. 2014-yilda u jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirishda ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 2020-yilda esa yana voyaga yetmagan shaxsga nisbatan nomusga tegish jinoyatini sodir etgan va 10 yil 2 oy muddatga qamalgan.
Keyinchalik, 2025-yil fevral oyida uning jazosining o‘talmagan qismi axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilgan.
Shunga qaramay, u yana og‘ir jinoyat sodir etgan. Qonunchilikka ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxslarga endilikda jazoni yengillashtirish taqiqlangan.
Hozirda holat yuzasidan qo‘shimcha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!