Hodisa, Jahon

Rossiyada YTHda o‘zbekistonlik haydovchi halok bo‘ldi

Rossiyada YTHda o‘zbekistonlik haydovchi halok bo‘ldi

Rossiyaning Novosibirsk viloyatida ikki yuk mashinasi va bitta avtomobil ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 42 yoshli O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, yana bir vatandosh og‘ir tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi.

Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi davlat inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 16-oktyabr kuni soat 01:20 larda yuz bergan. Renault Sandero avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘ldan kelayotgan DAF yuk mashinasiga urilgan. To‘qnashuv natijasida DAF boshqaruvini yo‘qotib, qarshi yo‘nalishdagi Volvo yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

Oqibatda DAF yuk mashinasi haydovchisi — 42 yoshli o‘zbekistonlik voqea joyida halok bo‘lgan. Volvo haydovchisi, 55 yoshli vatandosh esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi voqea tafsilotlarini tasdiqlab, har ikki yuk mashinasi haydovchisi O‘zbekiston fuqarolari ekanini ma’lum qildi.

Shuningdek, 16-oktyabr kuni Rossiyaning Amursk viloyatida 48 yo‘lovchisi bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgan. Unda asosan Turkiya, Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Hodisa natijasida bir kishi halok bo‘lgan, 14 kishi jarohat olib, shifoxonaga joylashtirilgan.