Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti, O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Turkiy universitetlar ittifoqi hamkorligida yirik xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Tadbirda Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vengriya, Shimoliy Kipr va O‘zbekistondan jami 69 ta oliy o‘quv yurti, 200 dan ortiq rektor va prorektorlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda Turkiy universitetlar ittifoqiga yangi a’zolik arizalari ko‘rib chiqildi, O‘rxun akademik almashinuv dasturini takomillashtirish, shuningdek, ittifoq doirasida doimiy kotibiyat va maxsus jamg‘arma tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomoni hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Turkiy ilm-fan va innovatsiya kunlari”ni o‘tkazish g‘oyasi anjumanda alohida e’tirof etildi.
Tadbir doirasida “Turk Barometer” ilmiy loyihasining 2024–2025 yillardagi natijalari taqdim etildi hamda “Tashkent International University”da Turkiy universitetlar ittifoqiga a’zo OTMlar ko‘rgazmasi va U2U formatidagi uchrashuvlar tashkil qilindi.
Shu bilan birga, forumning ikkinchi kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Qoraxoniylar – Alp Er To‘nga avlodlari” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!