Toshkent shahriga kirish va chiqishdagi nazorat postlarini ko‘chirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu takliflar 16-oktabr kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’qullangan. Postlar qayerga ko‘chirilishi va jarayon tafsilotlari hozircha ochiqlanmagan.
Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqovning ma’lum qilishicha, har kuni poytaxtga 400 mingdan ortiq avtomobil kiradi, 1 milliondan ziyod kishi kirib-chiqadi. Aholining mashinada qatnashiga jamoat transporti tizimining yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani sabab bo‘lmoqda.
Shahar atrofida yangi avtovokzallar, to‘xtash joylari va kempinglar barpo etilishi, jamoat transporti tizimini rivojlantirish orqali tirbandlikni kamaytirish rejalashtirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2025–2030-yillarda uzunligi 57 kilometr bo‘lgan alohida avtobus yo‘laklari ham quriladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!