Jinoyat

Afg‘onistondan Buxoroga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan narkotik modda aylanmasiga chek qo‘yildi

Afg‘onistondan Buxoroga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan narkotik modda aylanmasiga chek qo‘yildi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan yirik miqdordagi giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasi fosh etildi.

Aniqlanishicha, Toshkent–Andijon yo‘nalishida harakatlanayotgan, Andijon shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomobil Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi “Chinor” yo‘l patrul xizmati maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Avtomobil yo‘lovchisi — Qirg‘iziston fuqarosining yonidan 4 kilogramm 897 gramm gashish moddasi topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

O‘tkazilgan surishtiruv davomida ushbu shaxs giyohvandlik vositasini Buxoro tumanidagi dala maydonida joylashgan yashirin joydan olganini bildirgan. Ko‘rsatilgan hudud tekshirilganda yana 45 kilogramm 52 gramm gashish moddasi aniqlanib, daliliy ashyolar sifatida hujjatlashtirildi.

Tergovga qadar tekshiruvda ma’lum bo‘lishicha, bu giyohvandlik vositasi Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan Buxoro viloyatiga yetkazilgan va O‘zbekiston hududi orqali tranzit tarzda boshqa davlatlarga olib o‘tilishi rejalashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.