Jamiyat

Temiryo‘l bekatlari nomlari o‘zbek tili me’yorlariga moslashtiriladi

Temiryo‘l bekatlari nomlari o‘zbek tili me’yorlariga moslashtiriladi

O‘zbekiston hukumati qaroriga ko‘ra, mamlakatdagi barcha temiryo‘l vokzallari, stansiyalari va razyezdlarining nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtiriladi. Bu haqda 17-oktyabr kuni qabul qilingan hukumat qarorida belgilangan.

Qarorga muvofiq, Transport vazirligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati uch oy muddatda temiryo‘l infratuzilmasida joylashgan peshlavhalar va axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tilida yozilishini ta’minlashi lozim.

Nomlarning yangilanishi bilan bir qatorda tegishli hujjatlar va ma’lumotlar bazalarida ham zarur o‘zgartirishlar kiritiladi.

Hujjat ilovasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi jami 320 ta vokzal, stansiya hamda razyezdlar ro‘yxati keltirilgan.

Qaror ijrosini nazorat qilish bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov hamda transport vaziri Ilhom Mahkamov zimmasiga yuklatilgan.