Jinoyat, O‘zbekiston

Bank xodimasi mijozlardan bexabar millionlab kredit olgani fosh bo‘ldi

Bank xodimasi mijozlardan bexabar millionlab kredit olgani fosh bo‘ldi
Oplus_16777216

Qashqadaryo viloyatida fuqarolarning imzolarini soxtalashtirib, ularning nomidan kredit rasmiylashtirgan bank xodimasi javobgarlikka tortildi. Bu haqda “Milliy” telekanali xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Qamashi tumanidagi banklardan birida mutaxassis lavozimida ishlagan 25 yoshli ayol o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, mijozlardan bexabar holda ularning nomiga kreditlar rasmiylashtirgan.

Jumladan, u qamashilik fuqaro nomiga — 17 million so‘m, G‘uzor tumanida yashovchi shaxs nomiga — 40 million so‘m (32 foizlik), dehqonobodlik mijoz nomiga — 14 million so‘m, yana bir fuqaro nomiga esa — 17 million so‘mlik kredit mablag‘larini rasmiylashtirgan.

Tergov materiallariga ko‘ra, u bu harakatlarini fuqarolarning imzolarini soxtalashtirish orqali amalga oshirgan.

Sud hukmiga ko‘ra, ayolga Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan 1 yil-u 2 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.