Jahon

Isroil foydasiga josuslikda ayblangan eronlik qatl etildi

Isroil foydasiga josuslikda ayblangan eronlik qatl etildi

Eronning Qum shahrida Isroil razvedkasi — Mossad foydasiga josuslik qilishda ayblangan shaxs qatl etildi. Bu haqda mamlakatning rasmiy sud agentligi Mizan xabar berdi.

Sud hukmi 18-oktyabr kuni ertalab ijro etilgan. Eron Oliy sudi ayblanuvchining afv so‘rovini rad etib, hukmni tasdiqlagan.

Ismi oshkor qilinmagan shaxs “sionistik rejim bilan razvedka hamkorlik qilish”, “Yer yuzida buzg‘unchilik tarqatish” va “Xudoga dushmanlik” moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan. Mazkur jinoyatlar Eron islomiy jinoiy kodeksiga ko‘ra o‘lim jazosini nazarda tutadi.

Mizan agentligining ma’lumotiga ko‘ra, ayblanuvchi 2023-yil oktyabr oyida Mossad bilan aloqaga kirishgan va 2024-yil fevralda hibsga olingan. U Isroil razvedka xizmatiga maxfiy ma’lumotlarni yetkazgan hamda Eron hududida ularning topshiriqlarini bajargan. Biroq ayblov tafsilotlari, josuslik faoliyatining xarakteri va hibsga olish jarayoni haqida batafsil ma’lumot berилмаган.

Eron sud tizimi bu kabi qatl hukmlarini “milliy xavfsizlikni himoya qilish uchun zarur chora” sifatida baholaydi. Hukumat esa Isroilni “mamlakat ichida olib borilayotgan sabotaj va josuslik amaliyotlari”da muntazam ayblab keladi.

Bu Eronning Mossad bilan hamkorlikda ayblangan fuqarolarni qatl etishi bilan bog‘liq navbatdagi holatdir. Joriy yil 4-oktyabr kuni Xuziston viloyatida portlashlar va qurolli hujumlarda ayblangan olti kishi o‘lim jazosiga hukm qilinib, qatl etilgan.