Hodisa

Surxondaryoda Cobalt va Nexia 2 to‘qnashdi: bir kishi halok bo‘ldi

Surxondaryoda Cobalt va Nexia 2 to‘qnashdi: bir kishi halok bo‘ldi
Oplus_16777216

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida ikki avtomobil to‘qnashuvi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana bir ayol tan jarohati oldi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 19-oktyabr kuni soat 09:40 atrofida tumanning Azlarsoy mahallasi hududidan o‘tgan D-162 avtomobil yo‘lining 7-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

28 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Cobalt avtomobili noma’lum sababga ko‘ra yo‘lning qarama-qarshi bo‘lagiga chiqib ketgan va qarshisidan kelayotgan 39 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Nexia 2 bilan to‘qnashgan.

YTH oqibatida Nexia 2 salonida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 62 yoshli erkak voqea joyida halok bo‘lgan. Shuningdek, 66 yoshli ayol tan jarohati olib, tuman shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan.

Hozirda holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tuman IIB tergov guruhi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.