Madaniyat

BBC Newsda yangi loyiha: «O‘zbekiston shaharlarida quyosh chiqishi»

BBC Newsda yangi loyiha: «O‘zbekiston shaharlarida quyosh chiqishi»

Mintaqaviy brendingni rivojlantirish va O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida Turizm qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston shaharlarida quyosh chiqishi” nomli yangi xalqaro loyiha amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha O‘zbekistonning turli shaharlarining betakror jozibadorligi, madaniy merosi va zamonaviy yutuqlarini dunyo auditoriyasiga tanishtirishga qaratilgan.

Loyihaning birinchi bosqichi doirasida BBC News xalqaro telekanali efirida Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini o‘z ichiga olgan videoroliklar namoyish etildi. Ushbu videolar O‘zbekistonning go‘zalligi va muhitini zamonaviy sayyoh nigohi orqali, tarix va innovatsiyalar uyg‘unligida tasvirlaydi.

Turizm qo‘mitasining ma’lum qilishicha, loyiha O‘zbekistonning milliy turizm brendini xalqaro miqyosda ilgari surish hamda mamlakatning jozibador qiyofasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, “O‘zbekiston shaharlarida quyosh chiqishi” kampaniyasi respublika viloyatlari nufuzini mustahkamlash, ularning investitsiyaviy va sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, ushbu reklama kampaniyasi mintaqaviy brending strategiyasi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, har bir hududning o‘ziga xos qiyofasini yaratish va O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan.