Jinoyat

Jizzax va Samarqand viloyatlarida noqonuniy dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi

Jizzax va Samarqand viloyatlarida noqonuniy dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Jizzax va Samarqand viloyatlarida noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar faoliyati fosh etildi.

Jizzax shahrida o‘tkazilgan tadbirda 1993-yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro tegishli hujjatlari bo‘lmagan 400 dona “Misoprostol” tabletkasi, 139 dona kapsula, 2 dona balzam va ularni qadoqlash uchun mo‘ljallangan 26 dona qutini 5 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Tezkor tadbir davomida Jizzax shahridagi ayollar fitnes klubida qo‘lga olingan shaxslar tomonidan tashkil etilgan yashirin tsex aniqlangan. Ushbu tsexda turli xil dori vositalarini qo‘lbola usulda qadoqlash, taqsimlash va sotuvga tayyorlash ishlari olib borilgani ma’lum bo‘lgan.

Natijada 1 dona qadoqlash uskunasi, sotuvga tayyorlangan 141 dona kapsula, 1 040 dona soxta gologramma, 237 dona soxta shtrix-kod, 1 014 dona bo‘sh kapsula, shuningdek, turli xil quti va paketlar ashyo dalil sifatida rasmiylashtirildi.

Bundan tashqari, DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda Samarqand shahrida yashovchi 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro, farmatsevtika mahsulotlari chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJ menejeri, Qirg‘izistondan noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan 9800 dona psixotrop dori vositalarini shartli xaridorga 25 million so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarga murojaat qilib, tegishli sifat sertifikatisiz dori vositalarini sotish yoki xarid qilish jinoyat hisoblanishini, bu esa inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligini eslatib o‘tdi.