Mubashshir Ahmad (asl ismi Alisher Tursunov) sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati bermaslikka qaror qilgan. Bu haqda Kun.uz nashri uning advokati Abdulloh Sodiqqa tayanib xabar berdi.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Tursunov sud hukmiga nisbatan shikoyat bermaslik sababini izohlamagan.
“Mubashshir Ahmad domla sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati bermaslikka qaror qilganini aytdi. Lekin buning sababini izohlamadi. Men esa advokat sifatida bu qarordan noroziman. Sud jarayonida domlaning harakatlarida Jinoyat kodeksining 244-1 va 156-moddalari tarkibi yo‘qligini isbotladik. Shunga qaramay, bu ishda asosiy qaror qabul qiluvchi mijozimizdir. Menimcha, domla ‘taqdir’ deb, qadarga taslim bo‘ldi. ‘Odil sudlov’ni ko‘rdi, yana ovoragarchiliklarda yurishni istamadi”, — dedi advokat.
Ma’lumot uchun, Mubashshir Ahmad 8-oktyabr kuni Jinoyat kodeksining 57, 59 va 61-moddalari asosida 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
Hozirda Mubashshir Ahmad tergov hibsxonasida qolmoqda, jazoni ijro etish koloniyasiga hali chiqarilmagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!