Namanganda bir ayoldan uning raqs tushgan videolarini oʻchirish uchun pul talab qilgan erkak qoʻlga olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Kosonsoy tumanida yashovchi fuqaro oʻziga tegishli telefonda Instagram tarmogʻidagi sahifasiga begona ayolning oilasi va yaqinlari davrasida raqs tushayotgan videolarini boshqacha talqinda joylashtirgan.
Ayol ushbu videolarning oʻchirilishini soʻraganida, erkak undan 350 ming soʻm talab qilib, plastik karta raqamini yuborgan. Jabrlanuvchi pullarni oʻtkazib bergan bo‘lsa-da, erkak videolarni oʻchirmay, sahifasining nomini oʻzgartirib yana oʻsha tasvirlarni joylashtirgan.
Ayol ikkinchi marta ham unga ishonib, soʻralgan summani toʻlagach, holatdan charchab, turmush oʻrtogʻi orqali IIBga murojaat qilgan.
Natijada huquqbuzar qoʻlga olinib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!