Jahon

Netanyaxu HAMAS bilan kelishuvni yoqlagan amaldorni ishdan oldi

Netanyaxu HAMAS bilan kelishuvni yoqlagan amaldorni ishdan oldi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Tzachi Hanegbini ishdan boʻshatdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

“Bosh vazir Netanyaxu menga Milliy xavfsizlik kengashining yangi rahbarini tayinlash niyati haqida ma’lum qildi. Shu munosabat bilan mening milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi va Milliy xavfsizlik kengashi rahbari sifatidagi faoliyatim tugadi”, — degan Hanegbi.

Netanyaxu Milliy xavfsizlik kengashi rahbari oʻrinbosari Gil Rayxni kengash rahbari vazifasini bajaruvchi etib tayinlamoqchi. Bosh vazir idorasi quyidagicha bayonot berdi:

“Bosh vazir Netanyaxu so‘nggi uch yil davomida Milliy xavfsizlik kengashi rahbari sifatida xizmat qilgani uchun Tzachi Hanegbiga minnatdorlik bildiradi hamda unga kelajakdagi ishlarida muvaffaqiyat va sog‘lik tilaydi”.

Hanegbining ishdan olinishi Isroilda so‘nggi haftalarda davom etayotgan Netanyaxu bilan kelishmovchiliklar fonida kutilgandi. U G‘azo shahrini to‘liq harbiy egallashga qarshi chiqib, HAMAS bilan qisman kelishuv tarafdori bo‘lgan.

O‘z bayonotida Hanegbi 2023-yil 7-oktyabr kuni HAMAS tomonidan Isroil janubiga uyushtirilgan hujumga olib kelgan xatoliklarni to‘liq tekshirish zarurligini ta’kidladi. U o‘zi ham ma’lum darajada mas’uliyatni his etishini tan oldi.

“Dahshatli muvaffaqiyatsizlik… Tegishli saboqlar olinishini ta’minlash va yo‘qotilgan ishonchni tiklashga yordam berish uchun sinchkovlik bilan hodisani tekshirish kerak”, — dedi u.

Netanyaxu hukumati hanuz bu masalani o‘rganish uchun komissiya tuzmagan. Isroil muxolifati bosh vazirni jarayonni ataylab kechiktirishda ayblamoqda.