Madaniyat

“Haj va Umra yagona portali” ishga tushirildi

“Haj va Umra yagona portali” ishga tushirildi

O‘zbekiston fuqarolari endilikda haj va umra safarlariga onlayn tarzda navbatga yozilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu maqsadda yangi “Haj va Umra yagona portali” ishga tushirildi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati xabariga ko‘ra, talabgorlar ikki yo‘l bilan ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (www.my.gov.uz) yoki www.haj-umra.gov.uz sayti orqali.

Yangi tizim fuqarolarga uydan chiqmasdan turib hujjatlarni rasmiylashtirish, zarur tashkilotlarga murojaat qilish va boshqa byurokratik jarayonlarsiz elektron navbatga yozilish imkonini beradi. Loyiha haj va umra safarlarini tashkil etishda qulaylik, shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi “Haj – 2026” mavsumi uchun yangi tartibni joriy etgani ma’lum qilindi.

Yangi tartibga ko‘ra, 2026-yilgi haj safariga boruvchi har bir ziyoratchiga “Nusuk” platformasi orqali olingan tibbiy sog‘lomlik to‘g‘risidagi guvohnoma taqdim etilgandan so‘nggina haj vizasi rasmiylashtiriladi. Mazkur talab ziyoratchilarning sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha idoralarga ziyoratchilarni sinchkov tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda haj safariga borishga jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni aniqlash majburiyatini yukladi.

Shuningdek, tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki soxta ma’lumot taqdim etgan holatlar aniqlansa, ularga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.