Jahon

Eron prezidenti: Benzin narxi oshishi muqarrar

Eron prezidenti: Benzin narxi oshishi muqarrar

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakatda benzin narxi oshishi muqarrar ekanini ma’lum qildi. U aholini ijtimoiy risklardan ogohlantirib, bu jarayon ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi lozimligini ta’kidladi.

«Benzin narxi oshishi kerakligi aniq. Ammo bu oddiy qaror emas. Biz shoshma-shosharlik qilib, xalqqa yanada ko‘proq muammo tug‘dira olmaymiz», dedi prezident.

Mazkur bayonot Tehronda yonilg‘i iste’moli va kontrabandani kamaytirishga qaratilgan yangi narxlash tizimi muhokamalari kuchaygan paytda yangradi. Avvalroq hukumat benzin narxlarini bosqichma-bosqich tartibga solish rejasini rad etgan bo‘lsa-da, keyinchalik bu masala o‘rganilayotganini tasdiqladi.

Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, Eronning benzin iste’moli ishlab chiqarish quvvatidan oshib ketgan va yiliga 30 milliard dollardan ortiq subsidiyalar yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois Pezeshkiyon energiya subsidiyalari tizimini tubdan isloh qilish tarafdori ekanini bildirdi.

2019-yilda benzin narxi oshirilishi mamlakat bo‘ylab yirik noroziliklarga sabab bo‘lgan va kamida 1 500 kishi halok bo‘lgandi. Rasmiylar bu safargi islohot bosqichma-bosqich va ijtimoiy himoya choralarini inobatga olgan holda amalga oshirilishini ta’kidlamoqda.