Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSHning Ukrainaga Tomahawk qanotli raketalarini yetkazib berishi haqidagi xabarlarni “keskinlikni kuchaytirish urinishi” sifatida baholadi. Unga ko‘ra, agar ushbu qurol Rossiya hududiga qarshi qo‘llansa, Moskva “juda keskin va aqlbovar qilmas” javob qaytaradi.
“Bu — keskinlikni oshirishga qaratilgan harakat. Agar Rossiya hududiga bunday qurollar bilan zarba berilsa, javobimiz juda keskin, hatto aqlbovar qilmas bo‘ladi. Buni o‘ylab ko‘rishsin”, — dedi Putin 23-oktyabr kuni.
Putin, shuningdek, AQSH prezidenti Donald Tramp bilan rejalashtirilgan uchrashuv bekor qilinishi haqidagi savollarga izoh berib, uni faqat keyinga qoldirish mumkinligini aytdi.
“Bunday uchrashuvlar puxta tayyorgarlikni talab qiladi. Tayyorlanmasdan turib uchrashuvga borish — ham biz, ham AQSH prezidenti uchun xato bo‘ladi”, — dedi u.
Rossiya rahbari AQSH tomonidan “Rosneft” va “Lukoyl” kabi yirik kompaniyalarga qarshi yangi sanksiyalarni “do‘stona bo‘lmagan qadam” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday choralar Moskva va Kiyev munosabatlarini yaxshilashga xizmat qilmaydi.
Ma’lumot uchun, Tomahawk (BGM-109) — AQSHning yuqori aniqlikdagi qanotli raketasi bo‘lib, qo‘mondonlik punktlari, radarlar va strategik obyektlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan. U 885 km/soat tezlikda uchib, 1250–2500 km masofadagi nishonlarga zarba bera oladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!