Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar va hududning sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Tashrif davomida jurnalistlar va blogerlar viloyatning turizm salohiyati, madaniy merosi hamda tarixiy boyliklari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Press-tur ishtirokchilari dastlab Chortoq tumanidagi Koroskon tarixiy muzeyiga tashrif buyurishdi. Muzeyda 3000 dan ortiq eksponat jamlangan bo‘lib, XVII–XXI asrlarga oid tarixiy ashyolar, nodir qo‘lyozmalar, etnografik buyumlar, xalq hunarmandchiligi namunalari, antik avtomobillar, fotosuratlar va turli hujjatlar namoyish etilgan. Ikkinchi jahon urushiga bag‘ishlangan bo‘limda esa frontda va front ortida jasorat ko‘rsatgan 1800 dan ortiq koroskonliklar haqida ma’lumotlar, ashyolar va fotosuratlar joy olgan.

Muzey bugungi kunda ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan alohida e’tibor tufayli nafaqat mahalliy sayyohlar, balki xorijiy mehmonlar, shuningdek, o‘quvchi va talabalarni ham qabul qilmoqda.

Keyingi manzil Axsikent arxeologiya parki bo‘ldi. Bu yerda OAV vakillari olib borilayotgan keng qamrovli qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdilar. Hozirda mahobatli kirish darvozasi va minoralar, XIX qazuv obyektidagi Ochiq osmon muzeyi, mudofaa devorining birinchi bosqichi barpo etildi. Axsikent kirish qismidagi maydonga tosh terish, gulzorlar va favvora qurish ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, ishtirokchilar bundan 2300 yil muqaddam barpo etilgan Axsikent shahri va uning balandligi 20 metrdan, qalinligi 7–10 metrdan ortiq qal’a devorlari haqida ma’lumotga ega bo‘ldilar. Tarixiy manbalarga ko‘ra, qal’a ichida 100 ming askar va ulkan qurol-aslaha zaxirasi joylashgan bo‘lgan. Bugungi kunda esa balandligi 14 metr, qalinligi 2 metr bo‘lgan, uzunligi 1 kilometrga yaqin devorlar qayta tiklanmoqda.
Axsikent hozirgi kunda nafaqat tarixiy obida, balki nodir qo‘lyozmalar kutubxonasi, ziyorat turizmi obyektlari, kulolchilik ustaxonalari, etno-moda va etno-sport markazlarini o‘z ichiga olgan yirik sayyohlik klasteriga aylanib bormoqda.
Press-tur so‘ngida jurnalistlar va blogerlar “Afsonalar vodiysi” dam olish bog‘iga tashrif buyurib, qiziqarli taassurotlarga boy kunni yakunladilar.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!