Associated Press agentligi xabariga ko’ra, AQSH Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni o‘g‘irlash uchun uning shaxsiy uchuvchisini yollashga uringan. Ammo reja amalga oshmagan.
Ma’lum qilinishicha, reja 2024-yil aprel oyida ishlab chiqilgan. O‘sha paytda AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi xodimi, 50 yoshli agent Edvin Lopes Dominikan Respublikasidagi AQSH elchixonasida attashe bo‘lib ishlagan.
Unga Maduroning ikki samolyoti — Dassault Falcon 2000EX va Dassault Falcon 900EX Santo-Domingodagi aeroportlarda ta’mirlanayotgani haqida ma’lumot berilgan. Samolyotlarga besh nafar uchuvchi, jumladan bosh uchuvchi general Bitner Villegas hamrohlik qilgan.
Agentlar uchuvchilar bilan so‘roq o‘tkazib, oxir-oqibat Villegas bilan muloqot qilgan. Lopes unga katta mukofot evaziga Maduroni qo‘lga olish mumkin bo‘lgan joyga olib borishni taklif etgan. Variant sifatida Dominikan Respublikasi, Puerto-Riko yoki Guantanamo ko‘rfazidagi AQSH bazasi tilga олинган.
Villegas aniq javob bermagan, biroq telefon raqamini qoldirgan. Keyinchalik Lopes 16 oy davomida u bilan yozishmalar olib borgan va 2025-yil avgustida Maduroni qo‘lga olish uchun mukofot miqdori 50 mln dollarga oshirilganini ham ma’lum qilgan. Ammo uchuvchi tez orada javob qaytarishni to‘xtatgan.
Reja amalga oshmagach, agentlar boshqa usullarni izlashgan. 19-sentyabr kuni Tramp ma’muriyatining sobiq rasmiysi Marshall Billingsli ijtimoiy tarmoqlarda Villegasni tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, Dominikada Lopes bilan suhbatlashayotgan paytda olingan suratini joylashtirdi. Bu post Maduroning samolyoti uchib ketishidan bir daqiqa oldin tarqatilgan, 20 daqiqa o‘tib esa samolyot aeroportga qaytishga majbur bo‘lgan.
Bir necha kun Villegasdan xabar bo’lmagan, ammo 24-sentyabrda u Venesuela televideniesida chiqib, uchuvchilarning madaniyati va sadoqati haqida so’zlagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!