Qanqa arxeologik yodgorligida olib borilayotgan ekspeditsiya davomida 5–8-asrlarga oid ibodatxona va harbiy anjomlar topildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda yodgorlikni “Ochiq osmon ostidagi muzey”ga aylantirish maqsadida izlanishlarni davom ettirmoqda.
Qanqa qadimiy Turon tarixida muhim o‘rin tutgan yirik shahar yodgorliklaridan biri bo‘lib, tadqiqotchilar uni “Avesto”da tilga olingan Qang‘desh va “Shohnoma”da qayd etilgan Turon shohi Alp Er To‘nga shahri — Qang‘dez bilan bog‘laydi.
Tarix institutining “Harbiy tarix markazi” va “Qadimgi dunyo tarixi” bo‘limlari xodimlaridan iborat ilmiy guruh yodgorlik arkining quyi qismida joylashgan ibodatxonani o‘rgangan. Qazishmalar davomida metalldan ishlangan jangchi sovuti bo‘laklari topilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qadimda ibodatxonalar jamiyatning madaniy va ruhiy hayotida muhim ahamiyat kasb etgan. Odamlar bu joyga o‘zlari yasagan eng yaxshi buyum yoki mahsulotni sovg‘a sifatida keltirish an’anasi mavjud bo‘lgan. Topilgan jangchi sovuti ham ana shunday marosim bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deya qayd etilmoqda.
Tadqiqotchilarning fikricha, topilmalar turkiy xalqlarning harbiy madaniyati va dunyoqarashi haqida yangi ma’lumotlar beradi. 2021-yilgi qazishmalarda ibodatxona kirish qismida ot aslahalari topilgan bo‘lsa, bu yilgi sovut bo‘laklari topilmasi turkiy jangchilarning harbiy an’analariga alohida e’tibor qaratilganini tasdiqlaydi.
Shuningdek, yaqinda Qoraqalpog‘istonda taxminan 75 million yil avvalgi dinozavr qoldiqlari topilgani, hamda Shimoliy Nurota tog‘laridagi Ko‘ktonli neolit yodgorligida yangi topilmalar aniqlangani haqida ham xabar berilgan edi.
Ko‘ktonli yodgorligi atrofi ham batafsil o‘rganilib, sarg‘ish-qizil tusdagi tabiiy bo‘yoqlar bilan chizilgan qoyatosh rasmlar orasida qo‘l panjalari va inson tasvirlari aniqlangan. Mutaxassislar bu rasmlarni yodgorlikning madaniy qatlamlari bilan bog‘liq, deb hisoblamoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!