Jamiyat

Namanganda qalbaki dori vositalari ishlab chiqarish holati aniqlandi

Namanganda qalbaki dori vositalari ishlab chiqarish holati aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida noqonuniy dori vositalari aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Namangan shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari tomonidan belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda dori vositalarini tayyorlash maqsadida tashkil etilgan tsex ko‘zdan kechirildi.

30 milliard so‘mlik mahsulot ashyoviy dalil sifatida olindi

Ko‘zdan kechirish natijasida jami o‘rtacha 30 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklar aniqlandi. Xususan:

  • qiymati 1,2 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 9 turdagi 138 031 quti dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar,

  • 1,8 milliard so‘mlik prekursorlar,

  • 3,4 milliard so‘mlik flakon, qopqoq, quti va etiketkalar,

  • 18 milliard so‘mlik 14 nomdagi ishlab chiqarish uskunalari,

  • hamda 5,6 milliard so‘mlik 23 dona turli hajmdagi maxsus idishlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Qalbaki dori vositalari aniqlangan

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu korxona faqat biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish uchun ruxsatnoma olgan bo‘lishiga qaramay, sanitariya talablariga javob bermaydigan joyda nomlarini o‘zgartirgan holda kontrafakt dori vositalarini ham tayyorlab kelgan.

Jumladan:

  • “Pikovit” dorisi — Pivovit,

  • “Kanefron” — Kanaseron,

  • “Espumizan” — Espumetik,

  • “Nistatin” — Nestitam ko‘rinishida ishlab chiqargan.

Qo‘lbola dori vositalari turli viloyatlarga tarqatilgan

Tekshiruv davomida aniqlanishicha, qo‘lbola usulda tayyorlangan ushbu dorilar Farg‘ona vodiysi, Toshkent shahri va boshqa viloyatlarga yetkazib berilgan.

Hozirda qalbaki dori vositalari bo‘yicha ekspertiza tayinlanib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, dori vositalarini belgilangan tartib va me’yorlarga amal qilmasdan ishlab chiqarish va sotish — uni iste’mol qilgan insonning sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘diradi.

Boshqalar hayotini xavf ostiga qo‘yish qonun oldida javobgarlikka sabab bo‘ladi.