Jahon

Afgʻonistonda kuchli zilzila sodir boʻldi, qurbonlar bor

Afgʻonistonda kuchli zilzila sodir boʻldi, qurbonlar bor

3-noyabr kuni Afgʻoniston shimolida 6,3 magnitudali kuchli zilzila yuz berdi. Bu haqda AQSH Geologiya xizmati (USGS) ma’lumotiga tayanib, Al Jazeera xabar berdi.

Xabarlarga ko‘ra, zilzila Mozori Sharif shahri yaqinida, 28 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan. Yer silkinishlari Samangan, Balx viloyatlari va Kobulda, shuningdek, Oybek, Maymana, Tohar, Qunduz hamda Sarpul shaharlarida ham sezilgan.

“Zilzila shunchalik kuchli ediki, uning tebranishlari Turkmaniston, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Pokiston, Eron va hatto Hindistonning ayrim hududlarida ham qayd etildi”, — deyiladi ToloNews xabarida.

Afgʻoniston rasmiylarining ma’lum qilishicha, tabiiy ofat oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘lgan, 150 kishi jarohat olgan. Qurbonlar va jabrlanganlar soni ortishi mumkin.

Balx viloyati matbuot kotibi Hoji Zaydning so‘zlariga ko‘ra, zilzila Mozori Sharifdagi Ko‘k masjidning bir qismini vayron qilgan.

AFP muxbirining xabar berishicha, 523 mingga yaqin aholisi bor Mozori Sharifda ko‘plab fuqarolar uylari qulab tushishidan qo‘rqib, yarim tunda ko‘chaga chiqqan.

Afgʻonistonda bundan avval ham — 1-sentyabrga o‘tar kechasi 6 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan, unda 2000 dan ortiq kishi halok bo‘lgandi. Keyinchalik 4,5–5,2 magnitudali takroriy silkinishlar (aftershoklar) qayd etilgan.

Afgʻoniston Hind va Yevrosiyo litosfera plitalari to‘qnashgan hududda joylashgani bois, dunyodagi eng seysmik faol mintaqalardan biri hisoblanadi. Tog‘li va olis hududlarda joylashgan aholi punktlari, shuningdek, paxsa devorli uylarning ko‘pligi zilzilalarning oqibatlarini yanada og‘irlashtiradi.