Bekobod tumanida Sirdaryoning ikki sohilini bog‘lovchi 200 metrli ko‘prik va 6 kilometrli avtomobil yo‘li ishga tushirildi. Toshkent viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, aholi uni deyarli 40 yil kutgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘prik qurilishi 1989-yilda boshlangan, ammo 1991-yilda to‘xtab qolgan. 2025-yilda Prezident qarori bilan loyiha qayta tiklandi va 4 oy ichida yakunlandi. Loyihaning qiymati 72 milliard so‘mni tashkil etdi.
Ko‘prik to‘rt tasmali, tun yoritish chiroqlari, piyodalar yo‘laklari va nogironlar uchun qulayliklar bilan jihozlangan. Har kuni 14 ming avtomobil harakatlanishi mumkin bo‘lgan yo‘l “Do‘stlik” va “Yangiovul” mahallalaridan tuman markazigacha bo‘lgan masofani 44 kilometrga qisqartirdi.
Mahallaning yettita qismi aholisi endi tuman markaziga, hokimiyat va kasalxonaga bir necha kilometr yurib yetib borishi mumkin. Shu bilan birga, mahalla infratuzilmasi yaxshilandi, bolalar sport maydonchalari barpo etildi, Sirdaryo daryosida baydarka sportini rivojlantirish uchun musobaqalar boshlandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!