Jahon

Shavkat Mirziyoyev AQSHga amaliy tashrif bilan yetib bordi

Shavkat Mirziyoyev AQSHga amaliy tashrif bilan yetib bordi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 4-noyabr kuni amaliy tashrif bilan Vashington shahriga keldi.

Prezident matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, “Endryus” aviabazasida davlat rahbarini AQSH davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau, AQSH–O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm hamda boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif dasturi doirasida Shavkat Mirziyoyev AQSHda tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida davlat rahbari vatandoshlarimizga o‘z ezgu tilaklarini bildirdi va ularning muvaffaqiyatlaridan faxrlanishini ta’kidladi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 5–6 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Shu kunlarda Prezident Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar olib boradi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etadi.

Dasturdan AQSH Kongressi va hukumati vakillari bilan uchrashuvlar, shuningdek, yetakchi Amerika kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar hamda ishbilarmon doiralar ishtirokidagi davra suhbati o‘rin olgan.

Ushbu sammit Tramp ishtirokidagi birinchi “C5+1” uchrashuvi bo‘ladi. Avvalgi shunday formatdagi sammit 2023-yil sentyabr oyida, o‘sha paytdagi AQSH Prezidenti Jo Bayden raisligida o‘tkazilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil sentyabr oyida Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp telefon orqali muloqot qilib, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilgandi. Sentyabr oyi oxirida esa ular Nyu-York shahrida uchrashib, O‘zbekiston–AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishga kelishib olgan edilar.