Jinoyat

Farg‘ona, Andijon va Buxoroda narkotik bilan bog‘liq holatlar fosh etildi

Farg‘ona, Andijon va Buxoroda narkotik bilan bog‘liq holatlar fosh etildi

O‘zbekistonning bir nechta hududlarida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Buxoro viloyatining Romitan tumani “Xozortut” MFYda yashovchi fuqaroning uyini ko‘zdan kechirish chog‘ida yerto‘ladan 93,12 gramm quritilgan marixuana topilgan. Ashyoviy dalillar qonuniy tartibda rasmiylashtirib olingan.

Andijon viloyatida esa Lacetti rusumli avtomobil to‘xtatilib, tekshiruv davomida mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan 4 nafar fuqaro giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq shaxslar ekani aniqlangan. Ularning Andijon va Farg‘ona viloyatlarida narkotik moddalarni tarqatish bilan shug‘ullangani ma’lum bo‘lgan. Avtomobil o‘rindig‘ining ostidan 1 kilogramm gashish topilgan.

Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, ilgari shu turdagi jinoyat uchun sudlangan shaxs 1 kilogramm gashishni 12 ming dollar evaziga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Uning uyini ko‘zdan kechirishda oshxonadan 59 dona qadoqlangan 150 gramm gashish va 1 gramm opiy topilgan.

Yana bir holatda, muqaddam sudlangan 1963-yilda tug‘ilgan shaxs va uning sherigi — 1972-yilda tug‘ilgan fuqaro avtomashinada 1 kilogramm gashish va 100 gramm opiyni 21 ming dollar evaziga sotayotganida qo‘lga olingan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.