BMTning Falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi (UNRWA) ma’lumotiga ko‘ra, G‘azoda qariyb 75 ming kishi tashkilotga qarashli 100 ta binoda boshpana topib, jon saqlamoqda. Bu haqda Daily Sabah nashri tashkilot bayonotiga tayanib xabar berdi.
“G‘azoda 75 mingga yaqin odam 100 dan ortiq UNRWA binosida yashamoqda. Ko‘plab binolar vayron bo‘lgan va odamlar siqilib yashamoqda”, — deyiladi agentlikning ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida.
UNRWA xodimlari boshpanalarni xavfsiz va munosib holatda saqlash uchun har kuni chiqindilarni yig‘ish, sanitariya xizmatlarini ko‘rsatish hamda aholiga ichimlik suvi yetkazish bilan shug‘ullanmoqda.
G‘azo hukumati OAV idorasi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida 2,4 million aholining 2 millionga yaqini o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Shu vaqt davomida 288 mingdan ortiq falastinlik oila uysiz qolgan, ko‘pchilik tor va og‘ir sharoitlarda yashamoqda.
Eslatib o‘tamiz, HAMAS va Isroil o‘rtasida otashkesim 10-oktyabr kuni kuchga kirgan. Bu jarayon AQSh prezidenti Donald Trampning 20 bandli tinchlik rejasi doirasida amalga oshirilgan. Rejaga ko‘ra, Isroil garovdagilarni ozod etishi, buning evaziga falastinlik mahbuslar qo‘yib yuborilishi, keyinchalik esa G‘azoni qayta qurish va HAMASsiz yangi boshqaruv tizimi yaratish rejalashtirilgan.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil oktyabrdan buyon Isroil hujumlari oqibatida 68 800 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 170 mingdan ziyodi esa yaralangan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!