O‘zbekistonliklar orasida 149 465 nafar jismoniy shaxs o‘ziga kredit rasmiylashtirilishini taqiqlash xizmatidan foydalangan. Bu haqda Kredit-axborot tahliliy markazi xabar berdi.
Shu xizmatdan foydalanganlarning 101 467 nafari erkak, 47 998 nafari ayol hisoblanadi. Yosh bo‘yicha eng faol guruh — 26−35 yoshdagilar bo‘lib, ular barcha foydalanuvchilarning uchdan bir qismini (33,6%) tashkil qiladi. Keyingi o‘rinlarda 36−45 yoshdagilar (25,6%), 26 yoshgacha bo‘lganlar (19,2%), 46−55 yoshdagilar (12,6%) va 56 yoshdan kattalar turadi.
Kredit olishni o‘z-o‘ziga taqiqlash — bu qarz, mikrokredit va kredit kartalarini olish imkoniyatidan vaqtinchalik yoki muddatsiz voz kechish to‘g‘risidagi ixtiyoriy qarordir. Xizmat jismoniy shaxsning ishtirokisiz kredit rasmiylashtirilishining oldini olishga mo‘ljallangan va bepul. Taqiqni istalgan vaqtda yoqish yoki o‘chirish mumkin.
Xizmatni quyidagi usullar orqali faollashtirish mumkin:
-
Mobil ilova orqali (“Ommabop xizmatlar” → “Kreditga taqiq”);
-
Kredit byurosi veb-sayti yoki Call-markaz (+998 71 203 47 47);
-
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali;
-
Davlat xizmatlari markazlari orqali.
Ushbu xizmat firibgarlik va shaxs nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish holatlarining oldini olish maqsadida joriy etilgan. So‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar orqali 1,9 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ talon-toroj qilingan, shundan 4 foizi shaxs nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish orqali sodir etilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!