O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrifi doirasida 5-noyabr kuni o‘z qarorgohida AQSh Kongressi Vakillar palatasi a’zolari — Bill Xayzenga, Kerol Miller va Sidni Kamlager-Davnni qabul qildi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi aloqalar rivojlanib borayotgani, Kongressda O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus samarali faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi. Har yili Vakillar palatasida ushbu kokus ko‘magida “O‘zbekiston kunlari” o‘tkazib kelinayotgani qayd etildi.
Kongress tomonidan oliy darajada erishilgan, jumladan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga doir kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘mak berish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuvda, shuningdek, hududlararo hamkorlikni kengaytirish, kongressmenlar vakillik qilayotgan G‘arbiy Virjiniya, Michigan va Kaliforniya shtatlari bilan amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi
Uchrashuv yakunida AQSh Kongressi vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, shuningdek, ikki mamlakat hududlari rahbarlari boshchiligidagi ishbilarmonlar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 4-noyabr kuni Vashingtonga kelgan. Tashrif davomida u Prezident Tramp bilan uchrashadi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilari ishtirokidagi “C5+1” sammitida qatnashadi.
Bu sammit Donald Tramp ishtirokidagi birinchi shunday uchrashuv bo‘ladi. Avval, 2023-yil sentabr oyida “C5+1” formati doirasidagi uchrashuv Jo Bayden ishtirokida o‘tkazilgan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!