Qatarda bo‘lib o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi U-17 Jahon chempionatining “J” guruhi 1-turida O‘zbekiston U-17 jamoasi Paragvay U-17ga qarshi maydonga tushdi. Qiziqarli va keskin kurashlarga boy o‘yin Islombek Ismoilov shogirdlarining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvda hisob 25-daqiqada ochildi — Azizbek Abdumo‘minov jarima maydonchasi tashqarisidan kuchli zarba yo‘llab, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘lim yakunida O‘zbekiston yana bir gol urdi: o‘ng qanotdan jarima maydonchasiga uzatilgan to‘pni Abdumo‘minov darvozaga aniq yo‘llab, dubl qayd etdi — 0:2.
Ikkinchi bo‘lim ham keskin kurash ostida o‘tdi. Har ikki jamoa bir necha marta xavfli hujumlar uyushtirdi. O‘yin so‘ngiga yaqin Paragvay hisobni qisqartirdi — Amirxon Murodov jarima maydonchasida raqibni to‘xtatishda qo‘pol o‘ynagani uchun hakam VAR orqali epizodni ko‘rib chiqib, penaltiga hukm chiqardi. Alan Ledesma 11 metrlik zarbani aniq amalga oshirib, hisobni 1:2 ko‘rinishiga keltirdi.
Mazkur natija o‘yinning so‘ngigacha o‘zgarmadi va O‘zbekiston U-17 jamoasi Jahon chempionatining ilk turida muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
U-17 Jahon chempionati, “J” guruhi — 1-tur
Paragvay U-17 — O‘zbekiston U-17 1:2
Gollar: 0:1 — Abdumo‘minov (25), 0:2 — Abdumo‘minov (45+2), 1:2 — Ledesma (88, pen.)
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!