Ukraina Xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Zaporojye shahrida ukrainalik harbiy asirni otib o‘ldirgan rossiyalik harbiy Dmitriy Kurashov umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
Bu Ukraina tarixida birinchi marta mamlakat mudofaa kuchlari jangchisini o‘ldirgan rossiyalik harbiyni umrbod ozodlikdan mahrum etish holatidir.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 27 yoshli Rossiya fuqarosi Kurashov ilgari o‘g‘irlik uchun Rossiyada qamalgan, biroq 2023-yil noyabrda amnistiya asosida ozod etilgan va shundan so‘ng Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan.
Kurashov Sharqiy harbiy okrugdagi 127-motoo‘qchi diviziyaning “Shtorm-V” hujum guruhi tarkibida xizmat qilgan. 2024-yil 6-yanvar kuni u boshqa rossiyalik harbiylar bilan birgalikda Priyutne posyolkasi yaqinida Ukraina mudofaa kuchlariga qarshi hujumda qatnashgan.
“Hujum vaqtida rossiyalik askar o‘zining butun o‘q-dorilarini sarflagach, taslim bo‘lgan ukrainalik jangchini yaqin masofadan otib o‘ldirgan”, — deyiladi Ukraina Xavfsizlik xizmati bayonotida.
U harbiy asirni Kalashnikov avtomati bilan nishonga olgan va natijada ukrainalik askar voqea joyida halok bo‘lgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Ukraina armiyasi rus askarlarining pozitsiyalarini egallab, Kurashov va uning to‘rt safdoshini asirga olgan.
Ukraina harbiy kontrrazvedkasi va Xavfsizlik xizmati tomonidan to‘plangan dalillar asosida sud Kurashovni Ukraina Jinoyat kodeksining 438-moddasi 2-qismi (harbiy jinoyatlar) bo‘yicha aybdor deb topdi va umrbod qamoq jazosini tayinladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!