Jahon

“G‘azoda 16,5 mingdan ortiq odam shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj” — JSST

“G‘azoda 16,5 mingdan ortiq odam shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj” — JSST

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) G‘azoda sog‘liqni saqlash tizimi inqiroz holatiga kelib qolganini ma’lum qildi. Tashkilot bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 16,5 mingdan ortiq g‘azolik shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj.

“Bu — vaqt va insoniyat vijdoni bilan poyga”, — dedi Tedros vaziyatga izoh berar ekan.

JSST rahbari Italiya hukumati yordamida 19 nafar og‘ir bemor va ularning 93 nafar hamrohini mamlakatga evakuatsiya qilingani haqida ma’lum qildi. U Italiyaga tezkor yordam va birdamlik uchun minnatdorlik bildirib, boshqa davlatlarni ham G‘azodan bemorlarni qabul qilishga chaqirdi.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon 8 mingga yaqin g‘azolik, jumladan 5,5 mingdan ortiq bola chet elda davolangan. Biroq bu raqam G‘azoda tibbiy yordamga muhtojlarning faqat kichik qismini tashkil etadi. Evakuatsiya jarayonlari murakkab logistika va siyosiy to‘siqlar bilan amalga oshirilmoqda.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoning sog‘liqni saqlash tizimi deyarli izdan chiqqan: mavjud 36 ta shifoxonaning atigi 17 tasi qisman faoliyat yuritmoqda. Ular 200–300 foiz sig‘imda ishlamoqda va generator energiyasiga tayanmoqda. Eng yirik tibbiyot muassasasi — Nasser tibbiyot markazi — iyun oyida havo hujumlari oqibatida faoliyatini to‘xtatgan.

Ash-Shifa kasalxonasi esa hozirda asosan boshpana sifatida foydalanilmoqda. Shifokorlar fonar yoki telefon chirog‘ida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazishga majbur, dori-darmon, anesteziya va bog‘lov materiallari yetishmayapti. Ba’zi shifokorlar hatto jarrohlik asboblarini qayta ishlatishga majbur bo‘lmoqda.

JSST G‘azoda bolalar orasida o‘tkir diareya, gepatit A va nafas yo‘llari infeksiyalari keskin ko‘payganini qayd etdi. Bolalarning uchdan biri o‘ta ozib ketgan, bu esa ocharchilik va gigiyena tanqisligining keskinlashganidan darak beradi.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023-yil kuzida boshlangan hujumlar oqibatida 71 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Gumanitar tashkilotlar esa bu raqam 100 mingdan oshgan bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda, chunki ochlik va kasallikdan vafot etganlar hali to‘liq hisobga olinmagan. Qurbonlarning 70 foizi ayollar va bolalar ekani ta’kidlanmoqda.

JSST sentabr oyining o‘zida G‘azoga 1 400 tonnadan ortiq tibbiy yordam yetkazgan, biroq bu aholi ehtiyojining atigi kichik qismini qoplaydi. 2,3 million aholining 90 foizi o‘z uyini tark etgan.

Tedros Adxanom Gebreyesus barcha tomonlarni yana bir bor insonparvarlik yo‘llarini ochish va o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi:

“Bu — o‘tgan o‘n yilliklardagi eng og‘ir sog‘liqni saqlash inqirozi. Shifokorlar bolalarni yerda davolamoqda, jarrohlik xonalarida amaliyotlar to‘xtagan. Bular endi shifoxonalar emas, ular — urush maydonlari. Tinchlik — eng yaxshi davo,” — dedi u.