Hodisa

Qashqadaryoda Nexia-2 va Cobalt to‘qnashuvi oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi

Qashqadaryoda Nexia-2 va Cobalt to‘qnashuvi oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi vafot etdi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) xabar berdi.

Hodisa 7-noyabr kuni soat 17:20 larda G‘uzor tumani hududidan o‘tuvchi M-39 Toshkent–Termiz avtomobil yo‘lining 1257-kilometrida yuz bergan.

Ma’lum qilinishicha, Nexia-2 va Cobalt rusumli avtomobillar to‘qnashuvi oqibatida bir yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan, yana ikki nafar fuqaro tan jarohati bilan tuman tibbiyot bo‘limiga murojaat qilgan.

Hozirda voqea yuzasidan G‘uzor tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekistonda rasman qayd etilgan yo‘l-transport hodisalarida 1303 kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, bundan avval Farg‘onada 4 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchi 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabar berilgandi.