BBC bosh direktori Tim Devi hamda News bo‘limi rahbari Debora Terness iste’foga chiqdi. Bu qaror telekompaniya tomonidan AQSH sobiq prezidenti Donald Trampning 2021-yil 6-yanvar kuni Kapitoliyga hujumdan avvalgi nutqini soxtalashtirgani haqidagi jiddiy ayblovlar ortidan e’lon qilindi, deb xabar berdi Daily Mail.
The Telegraph nashri sobiq BBC jurnalisti Maykl Preskott tomonidan yozilgan va kompaniya direktorlar kengashiga yo‘llangan maxfiy memorandumni chop etgan edi.
Preskottning yozishicha, BBC Panorama hujjatli filmida Trampning nutqi tahrir qilinib, voqealar xronologiyasi buzilgan, natijada prezidentning bayonoti “zo‘ravonlikni rag‘batlantirgandek” qilib ko‘rsatilgan.
“Efirda 6-yanvar voqealarining ketma-ketligi o‘zgartirilgan, bu esa tomoshabinlarda Trampning nutqi Kapitoliy bosqiniga bevosita sabab bo‘lgani haqida yolg‘on taassurot uyg‘otgan,” — deyiladi memorandumda.
Mazkur fosh etishlardan so‘ng, AQSH prezidenti Donald Trampning matbuot kotibi Kerolayn Levitt The Telegraph nashriga bergan izohida BBC’ni “so‘l targ‘ibot mashinasi va soxta OAV” deb atadi.
2021-yil 6-yanvarda, Tramp saylovlarda Jo Baydenga yutqazganidan ikki oy o‘tib, uning tarafdorlari Kapitoliy binosiga bostirib kirgan edi. U yerda Kongress Baydenning g‘alabasini rasman tasdiqlashi kerak edi. To‘qnashuvlar oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan, 140 dan ortiq politsiyachi jarohat olgan.
Keyinchalik Trampga qarshi bir nechta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, ammo u qayta prezidentlikka saylangach, bu ishlar yopilgan.
BBC rasmiylari voqea yuzasidan izoh berar ekan, “tashkilot jurnalistik axloq va aniqlik tamoyillariga qat’iy rioya qilishini” ta’kidlashdi. Shu bilan birga, ichki tekshiruv boshlanganini ham ma’lum qilishdi.