O‘zbekistonda 2026-yildan boshlab fuqarolar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan nafaqat davlat, balki xususiy tibbiyot muassasalarida ham bepul tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu tizim Prezidentning 2024-yil 23-sentyabrdagi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan maxsus nizom asosida joriy etiladi.
Qanday tartibda ishlaydi?
Nizomga ko‘ra, bemorlar yo‘llanma asosida davlat byudjeti hisobidan tibbiy xizmatlardan foydalanadi.
Yo‘llanma — QR-kodli hujjat bo‘lib, u bemorga ma’lum kasalligi bo‘yicha davlat yoki nodavlat (xususiy) klinikada rejali statsionar davolanish imkonini beradi.
Tibbiy yordam quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
-
Bemor oilaviy shifokorga yoki o‘zi biriktirilgan poliklinikaga murojaat qiladi.
-
Shifokor tekshiruv o‘tkazib, kerak bo‘lsa tor soha mutaxassisi ko‘rigiga yo‘naltiradi.
-
Agar statsionar davolanishga ehtiyoj aniqlansa, elektron tizim orqali yo‘llanma beriladi.
-
Bemor o‘z xohishiga ko‘ra, davlat yoki xususiy klinikani tanlaydi.
Qayerda davolanish mumkin?
-
Davlat tibbiy sug‘urtasi joriy etilgan hududlarda bemor joylashuvdan qat’i nazar, tizimga ulangan barcha klinikalardan foydalanishi mumkin.
-
Sug‘urta hali joriy etilmagan hududlarda esa bemor yashash joyi bo‘yicha tuman yoki shahar shifoxonasiga yo‘naltiriladi.
-
Idoraviy klinikalarda (masalan, Ichki ishlar yoki Temiryo‘l tizimida) davolanish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda, bemor istasa xususiy klinikaga ham yuborilishi mumkin.
Tibbiy yordamning qiymati va sug‘urta
Davlat byudjeti hisobidan ajratiladigan mablag‘lar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi.
Sug‘urta summasining eng kam miqdori — bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravari miqdorida belgilanadi.
Natijalar elektron shaklda
Barcha ma’lumotlar elektron axborot tizimi orqali qayd etiladi.
Bemor yo‘llanma va tibbiy xizmat holatini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) dagi shaxsiy kabinet orqali kuzatishi mumkin.
Yangi tizim 2026-yildan boshlab bosqichma-bosqich joriy etiladi va fuqarolarga tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, tanlov imkoniyatini kengaytirish hamda sog‘liqni saqlash tizimida raqobat muhitini rivojlantirishni maqsad qilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!