Sport

Timur Kapadze O‘zbekiston terma jamoasidan ketdi

Timur Kapadze O‘zbekiston terma jamoasidan ketdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasini 2026-yilgi Jahon chempionatiga olib chiqqan 44 yoshli mutaxassis Timur Kapadze endilikda jamoa bilan faoliyatini yakunladi.

Manbalarga ko‘ra, Kapadze noyabr oyida Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro o‘rtoqlik turniri uchun terma jamoa yig‘inida ishtirok etmaydi. Mazkur turnirda O‘zbekiston Eron, Misr va Kabo-Verde terma jamoalari bilan birgalikda qatnashadi — bu jamoalarning barchasi 2026-yilgi mundial ishtirokchilari hisoblanadi.

O‘FAning rasmiy bayonotida esa, Kapadze o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod etilishni so‘ragani bildirilgan.

«Timur Kapadze o‘z faoliyatini yangi bosqichda, bosh murabbiy sifatida davom ettirish istagini bildirib, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatiga ariza bilan murojaat qilgan. O‘FA rahbariyati uning qarorini hurmat bilan qabul qilib, unga o‘zbek futboli rivojiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildiradi», – deyiladi bayonotda.