Jinoyat

Jizzaxda tuman FVB boshlig‘i pora bilan qo‘lga olindi

Jizzaxda tuman FVB boshlig‘i pora bilan qo‘lga olindi

Jizzax viloyatidagi tumanlardan birining Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i pora olayotgan paytda ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mansabdor shaxs xizmat mavqeyini suiiste’mol qilib, sentyabr oyida mahalliy tadbirkorning ko‘p qavatli uy qurish loyihasini tasdiqlab berish evaziga 200 dollar olgan.

Keyinchalik tadbirkor o‘sha hududda xususiy maktab qurish uchun ham hujjatlarni tasdiqlashni so‘raganida, FVB boshlig‘i bu safar 6 million so‘m pora talab qilgan.

DXX va prokuratura organlari xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda u pulni turmush o‘rtog‘i orqali olayotgan paytda ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi (“a”, “v” bandlari) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Mazkur modda bo‘yicha 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda favqulodda vaziyatlar tizimidagi bir qator mansabdorlar pora bilan ushlangan edi. Jumladan, 19-oktyabrda Navoiy viloyati Qiziltepa tumani FVB boshlig‘i 3 ming dollar olayotganida, yanvarda esa Namangan viloyati Pop tumani FVB boshlig‘i 160 ming dollar olayotgan paytda qo‘lga olingan.