Siyosat

Parlament “yashil iqtisodiyot” strategiyasi ijrosi bo‘yicha vazirlardan hisobot so‘radi

Parlament “yashil iqtisodiyot” strategiyasi ijrosi bo‘yicha vazirlardan hisobot so‘radi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mamlakatning 2030-yilgacha mo‘ljallangan “yashil iqtisodiyot” strategiyasi ijrosi yuzasidan vazirlarga rasmiy so‘rov yubordi. Maqsad — bajarilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda keyingi bosqichlar bo‘yicha aniq ma’lumot olishdir.

Palata ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda issiqxona gazlari chiqarilishi 6,3 million tonnaga kamaygan, shundan qariyb 500 ming tonna xalqaro uglerod bozorida sotilib, $7,5 million grant jalb qilingan. Shuningdek, 6,3 million kVt·soat elektr, 82 ming kub metr suv va 1 050 tonna xomashyo tejalgan.

140 ta yirik sanoat va sement zavodlarida zamonaviy havo va gaz tozalash filtrlari o‘rnatilgan. 2024-yil bahor va kuz mavsumlarida 11,8 millionta daraxt-buta ekilib, 7 ming gektar bo‘sh o‘rmon yerlari o‘zlashtirilgan.

Deputatlar muhokamada havo ifloslanishi, chiqindilarni qayta ishlash, ekologik nazorat va energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish masalalarini ko‘tardilar.

Vazirliklardan esa korxonalarning zararli modda chiqarishini baholash metodikasi, chiqindilarni qayta ishlash infratuzilmasi, “yashil sertifikat” tizimi, ekologik markirovka va kichik biznesni “yashil standartlar”ga o‘tkazish bo‘yicha yo‘l xaritasi bo‘yicha tushuntirishlar kutilmoqda.