Jahon

Putin “klon kabinetlar” qurdirib, 14 ta mudofaa tizimi bilan himoyalangan Valday o‘rmonlarida yashirinmoqda — OAV

Putin “klon kabinetlar” qurdirib, 14 ta mudofaa tizimi bilan himoyalangan Valday o‘rmonlarida yashirinmoqda — OAV

Ukraina bilan urush Rossiya prezidenti Vladimir Putinning xavfsizlik tizimi va turmush tarzini tubdan o‘zgartirdi. Jurnalistik “Sistema” loyihasi xabariga ko‘ra, Putinning harakatlarini kuzatishni qiyinlashtirish uchun turli qarorgohlarda kamida uchta mutlaqo bir xil ish xonasi — “klon kabinetlar” yaratilgan.

Tadqiqotchilar minglab rasmiy videoyozuvlarni tahlil qilib, ushbu kabinetlar deyarli bir-biriga to‘liq mos kelishini aniqlagan. Ularni faqat kichik tafsilotlar — eshik tutqichlari, devor bezaklari, kanselyariya buyumlari va pardozlashdagi farqlar ajratib turadi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Putinning bunday kabinetlari Novo-Ogaryov, Valday va Sochidagi qarorgohlarda joylashgan. Ularning barchasi bir xil dizaynda, qaymoq rangda bezatilgan va bir xil mebellar bilan jihozlangan.

Manbalarga ko‘ra, 2025-yilning boshidan beri Putin asosan Valdaydagi klon kabinetda ishlamoqda. Yanvardan sentyabrgacha o‘tgan 9 oy ichida uning “qaymoq rang kabinet”dagi 30 ta chiqishidan 29 tasi aynan Valdayda yozilgan.

Bu qarorgoh Rossiyaning eng himoyalangan joylaridan biri hisoblanadi. Uning atrofida 14 ta havo hujumidan mudofaa majmuasi, shundan 13 tasi “Pantsir” tizimi joylashtirilgan.

Siyosatshunos Konstantin Gaazening fikricha, Putin Ukraina dronlari hujumlaridan xavotirlanib, Sochidagi ochiq maydonda joylashgan qarorgohini tark etgan:

“Sochi tog‘lar orasida, ochiq joyda joylashgan. U yer manzarali, ammo xavfsizlik nuqtayi nazaridan yaroqsiz. Valday esa himoyalangan, yashirin va strategik joyda joylashgan”, — deydi mutaxassis.