Jamiyat

Ko‘kdaladagi gaz “zapravka”sida portlashga rahbarning o‘zboshimchaligi sabab bo‘lgan

Ko‘kdaladagi gaz “zapravka”sida portlashga rahbarning o‘zboshimchaligi sabab bo‘lgan

Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida sodir bo‘lgan gaz “zapravka” portlashi oqibatida 6 kishi vafot etib, bir necha fuqaro tan jarohati olgan edi. “Hududgazta’minot” AJ ma’lumotiga ko‘ra, hodisaga texnik jarayonlarning buzilishi va korxona rahbarining o‘zboshimchaligi sabab bo‘lgan.

Texnik nosozlik va xavfsizlik qoidalarining buzilishi

“Hududgazta’minot” AJ gaz to‘ldirish inshootlarini ishlatish boshqarmasi bosh mutaxassisi Hasanjon Rahmonovning so‘zlariga ko‘ra, portlash yuz bergan korxona tadbirkor tomonidan xususiy sheriklik asosida ishga tushirilgan bo‘lib, u yerda texnologik jarayonlar qoidabuzarlik bilan olib borilgan.

“Sig‘imlardagi nafas olish klapanlari nosoz holatda ishlagan, rahbar esa mutaxassis chaqirmasdan qurilmani o‘zi ishga tushirgan. Natijada bosim belgilangan me’yordan oshib, klapanlar ochilmay qolgan. Bundan tashqari, korxona jihozlari o‘z vaqtida davlat ko‘rigidan o‘tkazilmagan”, — deydi Rahmonov.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida barcha uskuna va jihozlar vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi shart. Ammo mazkur obyekt rahbari bu talabni bajarmagan.

Issiq havoda ishlash taqiqlangani e’tiborsiz qoldirilgan

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, “zapravka”da gaz ballonlarini to‘ldirish ishlari yozning eng issiq paytida amalga oshirilgan.

“Hududgazta’minot” tomonidan kunning issiq vaqtida bunday ishlarni olib bormaslik haqida ko‘rsatma berilgan bo‘lsa-da, korxona rahbari bu ogohlantiruvni e’tiborsiz qoldirib, ishni davom ettirgan”, — deydi Rahmonov.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Hodisa yuzasidan jinoyat ishi ochilgan bo‘lib, sud-tibbiy, kimyoviy, biologik, kriminalistik va yong‘in-texnik ekspertizalar tayinlangan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida dastlab 4 kishi vafot etgan, 15 kishi jarohatlangan. Jabrlanganlarning ayrimlariga moddiy yordam ko‘rsatilgan — vafot etganlar oilalariga 100 million so‘mdan, jarohat olganlarga esa 50 million so‘mdan to‘lov ajratilgan.

Biroq “Daryo” surishtiruvi davomida komada yotgan 10-sinf o‘quvchisi Dilnoza ham vafot etgani aniqlangan. Shunday qilib, halok bo‘lganlar soni 6 nafarga yetgan, ammo rasmiy manbalar bu o‘limni beshinchi qurbon sifatida e’tirof etmoqda.