Jamiyat

Chiroqchi hokimi o‘rinbosari audiodagi haqoratlar bo‘yicha izoh berildi

Chiroqchi hokimi o‘rinbosari audiodagi haqoratlar bo‘yicha izoh berildi

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani hokimi birinchi o‘rinbosari Zafar Ergashev aholiga 10–20 million so‘mdan kredit berish bo‘yicha topshiriq ijrosini talab qilayotgani aks etgan audio jamoatchilikka tarqaldi. “Kun.uz” e’lon qilgan yozuvda mansabdor xodimlarini haqorat qilgani va “agar odamlar kredit olmasa, o‘zlaring ularning nomiga kredit olasan”, deya bosim o‘tkazgani eshitiladi. Mazkur gaplar qaysi yig‘ilishda aytilgani hozircha noma’lum.

Rasmiy izoh

“Daryo” Chiroqchi tumani hokimligi axborot xizmati bilan bog‘langanda, qisqa javob olindi:

“Topshiriq ijrosini so‘ragan.”

Bu javob mansabdorning xatti-harakati sodir bo‘lganini inkor etmaslik bilan birga, topshiriq “yuqoridan” berilgani ehtimolini ham ko‘rsatib turibdi.

Nega bunday bosimlar paydo bo‘lmoqda?

MFY raislari va hokimlik xodimlari orqali ma’lum qilinishicha, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2025-yil yakuniga qadar ko‘plab oilalarni kambag‘allikdan chiqarish rejasi bo‘yicha yuqori bosim o‘tkazmoqda. Ammo Qashqadaryoda doimiy ish o‘rinlari yetishmasligi sababli, amaldorlar kredit olishni kambag‘allikdan chiqarish vositasi sifatida qo‘llamoqda.

“Aslida oilaga ish topib berish kerak. Aholi esa kredit olayotganida barqaror daromad bo‘lmaganligi bois yanada qiyin ahvolga tushishi mumkin”, — deydi bir MFY raisi.

Hokimlikdagi boshqa manba esa “mahalla beshligi” tizimidagi muvofiqlik yetishmasligi masalani og‘irlashtirayotganini ta’kidlaydi. Har biri turli idoralarga bo‘ysungan bu tizimda amaldorlar o‘z raqamlarini yaxshilash uchun bir-biriga bosim o‘tkazadi.

“Hamma o‘z manfaatini ko‘zlab ishlayapti. Natijada mas’uliyatsiz topshiriqlar zanjiri paydo bo‘lib, javobgarlik hokimlik zimmasiga tushmoqda”, — deydi manba.