BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari idorasi (OHCHR)ning ma’lum qilishicha, Isroilning Livan janubiga uyushtirgan havo hujumlari 2024-yil noyabr oyida imzolangan sulh bitimi buzilishiga olib kelgan va buning oqibatida kamida 114 nafar livanlik tinch fuqaro halok bo‘lgan. Bu haqda OHCHR vakili Al Xitanaga tayanib, Anadolu agentligi xabar berdi.
OHCHRga ko‘ra, BMT kuzatuvchilari Isroil tomonidan turar joylarga berilayotgan zarbalarni diqqat bilan kuzatmoqda. Al Xitananing aytishicha, so‘nggi oylardagi hujumlar aholining hayotiga jiddiy xavf tug‘dirgan.
“Fuqarolarga qarshi zo‘ravonlik darhol to‘xtatilishi kerak. Janubiy Livan aholisi ikki yildan beri beqarorlik va qo‘rquv ichida yashayapti. Sulh bitimi va xalqaro gumanitar huquqqa to‘liq rioya etilishini talab qilamiz”, — dedi OHCHR vakili.
Urush va sulh buzilishi
Isroilning Livanga qarshi harbiy harakatlari 2023-yil oktabr oyida boshlangan va 2024-yil sentyabriga kelib keng ko‘lamli urushga aylangan. To‘qnashuvlar davomida 4 mingdan ortiq odam halok bo‘lib, 17 mingga yaqin kishi yaralangan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil 2024-yil noyabr oyida imzolangan sulh bitimini 4 500 martadan ortiq buzgan. Natijada yana yuzlab tinch aholiga zarar yetgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!