Islomobodda sodir bo‘lgan portlashdan so‘ng Pokiston mudofaa vaziri Xavoja Asif mamlakat Hindiston va Afg‘onistonga qarshi ikki frontda harbiy to‘qnashuvga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Afghanistan International xabar berdi.
Vazirning aytishicha:
“Biz sharqda — Hindiston, g‘arbda — Afg‘oniston bilan to‘qnashishga tayyormiz. Birinchi jangda Xudo bizga yordam bergandi, ikkinchisida ham yordam beradi”.
“Afg‘on Toliboni — Hindiston vositachisi”
Asif Home News telekanaliga bergan intervyusida Afg‘oniston “Toliboni”ni Hindiston manfaatlariga xizmat qilayotganlikda aybladi. Uning ta’kidlashicha, Pokiston avvalgi janglarda Hindistonni yenggan va hozir ham shunga tayyor.
Shuningdek, u “Tolibon” bilan muzokaralarga qarshi emasligini, biroq muloqot “halollik va samimiyat asosida” bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Islomoboddagi portlashdan so‘ng keskin bayonot
Ma’lumot uchun, 11-noyabr kuni Pokiston poytaxti Islomobodda kuchli portlash sodir bo‘lib, 12 kishi halok bo‘lgan. Asifning so‘zlariga ko‘ra, bunday sharoitda “Tolibon” bilan muzokaralardan ijobiy natija kutish qiyin.
Pokiston — “Tolibon” muzokaralari natija bermadi
So‘nggi haftalarda Pokiston hukumati va afg‘on “Toliboni” o‘rtasida Qatar va Turkiyada bir necha marotaba muzokaralar o‘tkazildi.
- Birinchi bosqich Dohada o‘tib, tomonlar vaqtinchalik sulhga kelishdi.
- Keyingi ikki bosqich Istanbulda davom etdi, ammo hech qanday kelishuvga erishilmadi.
Pokiston hukumati afg‘on “Toliboni”ni Tahriki Tolibon Pokiston (TTP) jangarilarini o‘z hududida yashirishda ayblasa, “Tolibon” bu ayblovlarni qat’iyan rad etmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!