Jahon

Suriyaning Londondagi elchixonasi rasmiy ravishda qayta ochildi

Suriyaning Londondagi elchixonasi rasmiy ravishda qayta ochildi

Suriya tashqi ishlar va muhojirlar vaziri Asad ash Shaybani 13-noyabr kuni Buyuk Britaniya poytaxti Londonda joylashgan Suriya elchixonasini qayta ochdi. Bu haqda Al Arabiya nashri xabar berdi.

Vazirning ta’kidlashicha:

“Payshanba kuni Londondagi Suriya elchixonasi binosi ustida milliy bayroq ko‘tarildi. Bu — yillar oldin to‘xtab qolgan diplomatik missiyaning qayta yo‘lga qo‘yilishini anglatadi”.

Ash Shaybani elchixona faoliyatining tiklanishi mamlakat uchun muhim siyosiy bosqich bo‘lishiga umid bildirdi.

U X (sobiq Twitter) tarmog‘ida shunday yozdi:

“Yillar davomida Bashar Asad rejimi sabab xalqaro maydondan chetlatilgan Suriya bugun yana xalqaro hamjamiyatga qaytmoqda”.

Qayd etilishicha, elchixona qayta ochilishidan bir hafta avval Buyuk Britaniya hukumati Suriya prezidenti Ahmad ash Shara’aga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalarni bekor qilgan. Mazkur qaror ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralarni jonlantirib, diplomatik aloqalarning tiklanishiga zamin yaratdi.