Jahon

“Haddan oshishni bas qiling” — Sadir Japarov amaldorlarni ogohlantirdi

“Haddan oshishni bas qiling” — Sadir Japarov amaldorlarni ogohlantirdi

Qirg‘izistonda to‘ylar, ko‘ngilochar maskanlar va boshqa jamoat joylarining soat 22:00 gacha ishlashi bo‘yicha joriy etilgan cheklovlar yuzasidan reydlar o‘tkazilgach, bu jarayonda amaldorlarning haddan oshayotganiga oid shikoyatlar ko‘paydi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bunday holatlarni keskin tanqid qilib, amaldorlarni haddan oshmaslikka chaqirdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, tartib-intizomni ta’minlash zarur bo‘lgan obyektlar — tungi klublar, kechasi o‘tkaziladigan bayram tadbirlari va 800 kishigacha to‘planadigan ziyofat zallarida nazorat kuchaytirilishi lozim. Elektr energiyasini tejash va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha vazifa aynan shularni qamrab oladi.

Ammo o‘tkazilgan reydlar davomida ayrim tekshiruvchilar ortiqcha qattiqqo‘llik ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘ldi. Japarovning aytishicha, hatto umumiy ovqatlanish shoxobchalari, shu jumladan, KFC kabi tezkor ovqatlanish tarmoqlari yopib qo‘yilgan, kafelarda tinchgina o‘tirgan mijozlar haydab chiqarilgan, tadbirkorlarga qo‘pol munosabatda bo‘lingan, ba’zi obyektlarda esa hech qanday asos bo‘lmasdan chiroq va suv o‘chirib qo‘yilgan.

Prezident vaziyatga izoh berarkan, amaldorlarga “bunday haddan oshishni zudlik bilan to‘xtatish” kerakligini uqtirdi.

“Elektr energiyasini tejashni avvalo davlat obyektlaridan boshlang. 24 soat chiroq yonib turadigan idoralarni tartibga keltiring. Tinch ishlaydigan kichik muassasalarga esa bormang va ularning faoliyatiga xalaqit qilmang,” — dedi Japarov.

Cheklovlar “sukunat to‘g‘risidagi qonun” asosida joriy etilgan

Qonun talablarini bajarish maqsadida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev cheklovga bo‘ysunmagan obyektlarda elektr ta’minotini uzishni buyurgan. Shundan keyin Bishkek va O‘sh shaharlarida kechasi soat 22:00 dan keyin keng ko‘lamli reydlar o‘tkazildi va ko‘plab muassasalarning qoidani buzayotgani aniqlandi.

Tadbirkorlar esa chiroqning o‘chirilishi kechki paytdagi asosiy mijoz oqimini kamaytirayotganini, bu esa biznesga jiddiy zarar yetkazayotganini aytmoqda. Rasmiylar nazorat davom etishini, qoidabuzar obyektlarga esa jarima qo‘llanishini ma’lum qilgan.