Jinoyat

Qoʻlbola tayyorlangan 1000 donadan ortiq alkogol mahsulotlari aniqlandi

Qoʻlbola tayyorlangan 1000 donadan ortiq alkogol mahsulotlari aniqlandi

O‘zbekistonda bir nechta hududda qo‘lbola usulda tayyorlangan va qalbaki aksiz markalari bilan sotilayotgan spirtli ichimliklar aniqlanib, musodara qilindi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Xo‘jaylida 588 dona mahsulot qo‘lga olindi

Xo‘jayli tumanida fuqaro B.K. boshqaruvidagi Cobalt avtomobili to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, mashinada qo‘lbola tayyorlangan, umumiy qiymati 20,6 mln so‘mlik 588 dona qalbaki aksiz markali spirtli ichimliklar borligi aniqlandi. Mahsulotlar sotish maqsadida olib ketilayotgani ma’lum bo‘lib, ular ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.

Nukusda yashirin korxona fosh etildi

Nukus shahrida fuqaro T.M. Kattagar MFY hududidagi xonadonida yashirin sex tashkil qilgani aniqlangan. Tekshiruv davomida 338 dona aksiz marka, 111 litr spirt, 90 dona QR-markirovka, 90 dona “Qaratau” aroqi, bo‘sh shisha idishlar va ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa ashyolar topildi.

Chiroqchida muqaddam sudlangan shaxs qo‘lga tushdi

Chiroqchi tumanida esa muqaddam sudlangan A.B. qo‘lbola tayyorlangan iste’molga yaroqsiz 400 dona spirtli ichimlikni fuqaro U.N.ga 10 million so‘mga sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda alkogol mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi 35 foizdan 18 foizga, tamaki mahsulotlarida esa 19,6 foizdan 9 foizga kamaygani ma’lum qilingandi.