Xitoyning qirg‘oq qo‘riqlash kemalari 16-noyabr kuni Sharqiy Xitoy dengizidagi Senkaku orollari (xitoycha — Dyaoyuydao) yaqinida, Yaponiyaning nazoratidagi hududiy suvlarga kirib bordi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Pekin: “Bu hudud Xitoyniki”
Xitoy rasmiylariga ko‘ra, kemalar Yaponiyaning nazoratida bo‘lsa-da, Pekin o‘ziga tegishli deb hisoblaydigan ushbu kimsasiz orollar atrofida “patrullik vazifasini bajargan”. Xitoy buni “mamlakatning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish” deb izohladi.
Tokio va Pekin o‘rtasida keskinlik kuchaymoqda
Mazkur hodisa ikki davlat o‘rtasida siyosiy keskinlik ortib borayotgan paytga to‘g‘ri kelmoqda. 7-noyabr kuni Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi parlamentdagi chiqishida Xitoy Tayvanga hujum qilgan taqdirda Yaponiya harbiy javob berishi ehtimolini istisno qilmasligini aytgandi.
Bu bayonot Pekinning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Xitoy Tokio hukumatidan bu pozitsiyani qayta ko‘rib chiqishni talab qildi va o‘z fuqarolariga Yaponiyaga bormaslikni tavsiya etdi.
Yaponiya “yadrosiz uchlik” tamoyillarini qayta ko‘rib chiqishi mumkin
Takaichi so‘nggi kunlarda Yaponiya yadro quroliga doir 1967-yilda qabul qilingan uchta “yadrosiz tamoyil”ni qayta ko‘rib chiqish masalasi muhokama qilinayotganini ma’lum qildi. Ushbu tamoyillarga ko‘ra:
-
Yaponiya yadro quroliga egalik qilmaydi,
-
uni ishlab chiqarmaydi,
-
hududiga olib kirishga ruxsat bermaydi.
Agar Tokio ushbu tamoyillardan biridan voz kechsa, AQSH harbiy kemalariga Yaponiyaga yadro qurollarini olib kirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Xitoy–Tayvan yo‘nalishida ham harbiy faollik oshmoqda
Tayvan mudofaa vazirligi 16-noyabr kuni so‘nggi 24 soat ichida orol atrofidagi havo hududi va hududiy suvlarga Xitoyning:
-
30 ta harbiy samolyoti,
-
7 ta harbiy kemasi
kirgani haqida xabar berdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!