Jahon

Isroilning G‘azodan “ixtiyoriy ko‘chirish” amaliyoti bo‘yicha yangi surishtiruv jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda

Isroilning G‘azodan “ixtiyoriy ko‘chirish” amaliyoti bo‘yicha yangi surishtiruv jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda

Isroil rasmiylari “ixtiyoriy migratsiya” deb atayotgan falastinliklarning G‘azodan chet davlatlarga olib chiqilishi xalqaro hamjamiyatda kuchli xavotir uyg‘otmoqda. Haaretz gazetasining yangi surishtiruvida ma’lum qilinishicha, Estoniyada ro‘yxatdan o‘tgan, aslida esa isroillik shaxsga tegishli bo‘lgan sirli kompaniya G‘azodan 350 ga yaqin falastinlikni Indoneziya, Malayziya va Janubiy Afrikaga maxsus charter reyslar orqali olib chiqqan.

Sirli kompaniya va uchta maxsus reys

Surishtiruvga ko‘ra, falastinliklarning uchta guruhi Ramon aeroportidan charter samolyotlarda uchib ketgan. Ularni olib chiqishda Estoniyada ro‘yxatdan o‘tgan, lekin real faoliyati shubhali bo‘lgan Al Majd Europe kompaniyasi ishtirok etgan. Saytda aloqa ma’lumotlari deyarli yo‘q, ijtimoiy tarmoqlari ishlamaydi. Estoniya reyestrida kompaniya egasi Tomer Yanar Lind ekani, uning Isroil va Estoniya fuqaroligiga ega ekani qayd etilgan.

Kompaniyaning Isroil Mudofaa vazirligidagi “Ixtiyoriy migratsiya boshqarmasi” bilan aloqasi bo‘lgani ham aytilmoqda. Falastinliklarga uzoq davlatlarga parvoz uchun odatda 2 ming dollargacha mablag‘ berilgani, ba’zi oilalar esa jarayon tezlashtirilishi uchun 5 ming dollargacha to‘lagani ta’kidlanadi.

Falastinliklar qanday olib chiqilmoqda?

Xabarlarga ko‘ra, G‘azodan chiqmoqchi bo‘lganlar avval markaziy hududda to‘plangan, so‘ng Kerem Shalom nazorat punktida tekshiruvdan o‘tgan. Keyin kompaniya tashkil etgan avtobuslarda Ramon aeroportiga yetkazilgan. Parvoz vaqti odatda 24 soat oldin bildirilgan.

Janubiy Afrikadagi mojaro

Yaqinda Janubiy Afrikaning Yohannesburg shahriga G‘azodan 153 nafar falastinlikni olib kelgan charter samolyotning qo‘nishi jiddiy keskinlikka sabab bo‘ldi. Yo‘lovchilar pasportida Isroil tomonidan qo‘yilishi lozim bo‘lgan chiqish muhrlari yo‘qligi uchun ular samolyotda 12 soat davomida ushlab turildi.

Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosa ushbu holatni “shubhali” deb baholadi va buni falastinliklarni G‘azodan siqib chiqarishning yangi bosqichi sifatida ko‘rishini bildirdi. Tekshiruvdan so‘ng yo‘lovchilarning 130 nafari mamlakatga vizasiz kirishga ruxsat oldi, qolganlari Malayziya yoki Kanadaga yo‘l olgan.

Xalqaro norozilik kuchaymoqda

So‘nggi ikki yil davomida G‘azodagi urush sharoitida xalqaro tashkilotlar bir necha bor falastinliklarning majburan ko‘chirilishi ehtimoli borligi haqida ogohlantirib kelmoqda. BMT rasmiylari Isroilning harakatlari G‘azoni “yashab bo‘lmaydigan hududga aylantirayotganini” ta’kidlagan.

Isroil hukumati majburiy deportatsiya ayblovlarini rad etadi, biroq ayrim o‘ng qanot siyosatchilar “falastinliklarning o‘z ixtiyori bilan ketishi eng maqbul yo‘l” ekanini ochiq aytmoqda. Sirli kompaniyalar orqali amalga oshirilayotgan charter parvozlar esa jarayonning haqiqiy ko‘lami va davlat tomonidan qay darajada nazorat qilinayotgani borasida jiddiy savollarni ochiq qoldirmoqda.