Ijtimoiy tarmoqlarda Markaziy Osiyo prezidentlarining imzolari tarqalib, “kimniki chiroyli?” degan hazilomuz munozaralar paydo bo‘ldi. Ammo grafologiyaga ko‘ra, imzo faqat chizish uslubidan iborat emas — u egasining xarakteri va boshqaruv uslubiga doir ayrim belgilarni ham aks ettirishi mumkin. “Til va adabiyot ta’limi” metodik jurnali bosh muharriri Farrux Jabborbek mintaqa yetakchilarining imzolari haqida quyidagi tahlilni taqdim etdi.
Qosim-Jo‘mart To‘qayev – tartibli va muvozanatli
To‘qayevning imzosi aniq, silliq va oson o‘qiladi. Grafologik talqinlarga ko‘ra, bunday imzo o‘ziga ishonch, barqarorlik va vaziyatdan chiqib ketmaslik xususiyatlarini bildiradi. Yengil bosim esa ehtiyotkorlik va moslashuvchanlik belgisi sanaladi.
Sadir Japarov – kuchli iroda va tezkorlik
Japarovning imzosi zich, bosimi yuqori va keskin chiziqlarga ega. Bu kuchli iroda, qat’iyat va hissiy o‘zgaruvchanlikni anglatadi. Katta va noaniq chiziqlar tez fikrlash, biroq tafsilotlarga kam e’tibor berishga ishora qiladi. Boshqaruv uslubida jadal sur’at va ba’zan keskin qarorlar kuzatilishi mumkin.
Imomali Rahmon – hissiyotlarga boy va ijodkor
Rahmonning imzosi murakkab, aylanma shakllarga boy va kuchli bosim bilan yozilgan. Grafologlar buni hissiyotning yuksakligi, ijodkorlikka moyillik va qat’iyat belgisi sifatida talqin qiladi. Tezkor qaror qabul qilish xususiyati ham seziladi.
Sardor Berdimuhamedov – ekstravert, tez fikrlovchi
Berdimuhamedovning imzosi erkin, biroq o‘qilishi qiyin. Imzodagi yoyiq chiziqlar ekstravertlikni anglatadi. G‘ujanak shakllar esa tafsilotlarga uncha e’tibor bermaslik, ijodiy yondashuv va mustaqil harakat qilishni ko‘rsatadi. Ba’zan tavakkal qarorlar chiqarishi ehtimoli bor.
Shavkat Mirziyoyev – ishonchli va barqaror boshqaruvchi
Mirziyoyevning imzosi tartibli, aniq va oson o‘qiladi. Tik va yuqoriga ko‘tarilib boruvchi chiziqlar maqsadga intiluvchanlik, izchillik va o‘ziga ishonchni bildiradi. Tekis imzo muvozanatlilik va barqarorlikdan dalolat beradi. Prezident boshqaruvda tizimli, qat’iy va his-tuyg‘ularda barqaror shaxs sifatida talqin qilinadi.
Muallifning aytishicha, mintaqa yetakchilarining imzolarida salbiy ma’nodagi haddan tashqari ambitsiya yoki tajovuzkorlik sezilmasligi Markaziy Osiyodagi o‘zaro ishonch va birdamlik uchun ijobiy omillardan biridir.
Manba: Farrux Jabborbekning tahlili
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!